+998 (55) 705-68-42
  1. Bosh sahifa
  2. Yangiliklar
  3. "Oylik maoshimiz 1000 dollardan allaqachon oshib ketgan", — Mo'ynoqqa borib ishlayotgan shifokorlarga nimalar taklif etilmoqda?

"Oylik maoshimiz 1000 dollardan allaqachon oshib ketgan", — Mo'ynoqqa borib ishlayotgan shifokorlarga nimalar taklif etilmoqda?

Ulashish

Orol mintaqasidagi muammolar mamlakatimiz tibbiyoti uchun qator vazifalarni keltirib chiqargani bor gap. Xususan, hududning Mo'ynoq tumani aholisi hayoti, ularning yashash sharoitini yaxshilashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 17 mayda imzolangan "tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo'llab-quvvatlash hamda rag'batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmonida Qoraqalpog'iston Respublikasining Taxtako'pir, Chimboy, Qorao'zak, Bo'zatov, Shumanay, Qo'ng'irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo'ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo'shimcha har oylik ustama to'lovlari to'lanishi belgilab berilgan edi. Ushbu Farmonning ijrosi qisqa muddatda amaliyotda bo'y ko'rsatib, hududdagi tibbiyot muassasalarida ko'plab yosh va malakali tor soha mutaxassislari ish boshladi.

Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Mo'ynoqqa borib ishlayotgan shifokorlar bilan suhbatlashib, ularning ish faoliyati va hayot tarzi bilan yaqindan tanishdi.

To'liq ko'rsatuvni ko'rish: https://t.me/ssvuz/14844

Mo'ynoqda boshqa hududlardan borgan 22 nafar shifokor mehnat qilmoqda

Ayni paytda Mo'ynoqda qo'shni Xorazmdan tortib, Samarqand, Toshkent, Farg'ona va Andijon kabi viloyatlardan kelib mehnat qilayotgan shifokorlar talaygina.

Tuman tibbiyot muassasalarida 71 nafar shifokor faoliyat yuritib, ularning 22 nafari Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan yurtimizning boshqa hududlaridan kelib ishlayotgan tor soha mutaxassislaridir.

"Hali qaytib ketish niyatim yo'q"

Shulardan biri esa Andijon viloyatining Izboskan tumanidan Sojida Qamariddinova. Sojida opa oliy ta'lim muassasasini tamomlagach, bir muddat o'zi yashaydigan hududdagi shifoxonada ishlagan. Prezidentimizning farmonidan so'ng bugun Mo'ynoqqa kelib, shifokor sifatida faoliyat yuritmoqda.

        "Hali bu erdan Andijonimga qaytib ketishni o'ylaganim yo'q. Turmush o'rtog'im ham shu erda ishli bo'ldi. Bolalarim maktabga joylashdi. O'zim oila shifokori bo'lib Mo'ynoq ahliga tibbiy xizmat ko'rsatyapman", — deydi Sojida Qamariddinova.

"Mo'ynoqliklar bizni yaxshi ko'radi"

Ochig'ini aytish kerak, ko'pchilik insonlar dastlab yaqinlardan olisda faoliyat yuritishni o'ylab, biroz ikkilanadi. Namanganning Norin tumanidan Mo'ynoqqa kelib ishlayotgan shifokor Nigora Qodirovaning qalbidan ham dastlab ana shunday xayollar o'tgan edi. Ammo bugun u qaroridan xursand.

Hududlardan kelib, faoliyat yuritayotgan shifokorlarni mo'ynoqliklar juda yaxshi ko'radi. Shu sababdan farzandining tana harorati ko'tarilsa yoki tomog'i og'rib qolsa, yaqin qadrdoni kabi shifokorlarning xonadoniga ham borishadi, uylariga kirib kelganda ochiq chehra bilan qarshi olishadi.


Mo'ynoqda ishlayotgan shifokorlar oilasi

Ta'kidlash lozimki, Mo'ynoq tumaniga kelib ishlayotgan barcha tibbiyot xodimlari 200 foizlik ustamadan tashqari, tumanning chekka hududlarida ishlasa, uy-joy bilan ta'minlanadi. Qolaversa, farzandlarining ta'lim olishi uchun ham sharoitlar etarli.

        — Kelishimizdan oldin Mo'ynoqni yashash uchun og'ir hudud deb o'ylardik. Bu erda insonlar uchun, ayniqsa, tibbiyot yo'nalishida yaratilgan sharoitni ko'rib fikrimiz o'zgardi, — deydi xorazmlik Jumagul Sapaeva. — Turmush o'rtog'im bilan shu erda ish boshladik. Men tumandagi 32-sonli oilaviy poliklinika oila shifokoriman. Turmush o'rtog'im ham ushbu muassasada yarim stavkada, shuningdek, tuman shoshilinch tibbiy yordam bo'limi xirurgi lavozimida ham ishlaydilar.

        Ikkimizning ham maoshimiz 1000 AQSh dollaridan oshib ketgan. Turmush o'rtog'im navbatchilik kunlariga qarab 20 million so'mgacha pul oladilar ba'zi oylarda. Oilaviy daromadimizni jamlasak, ancha-muncha summa bo'ladi. Rizqimiz shu erga sochilgan ekan, terib yuribmiz".

Hali ham shifokorlarga talab yuqori

Tuman tibbiyoti mas'ullarining ma'lum qilishicha, Mo'ynoq tumani tibbiyoti uchun hali ham ixtisoslashgan tor soha mutaxassilariga ehtiyoj yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, nevropatolog, o'smirlar vrachi, immunolog, onkolog, gastroenterolog, pulmonolog, allergolog, bolalar LOR vrachi, maktab pediatri, diagnostika vrachlari, infektsionist, reanimatolog, travmatolog, transfuziolog, navbatchi pediatr kabi mutaxassisliklar uchun tumandagi tibbiyot muassasalarida jami 26 ta to'liq stavkadagi vakant o'rinlari mavjud.

Agar ushbu soha mutaxassislari boshqa hududlardan kelib ishlash istagini bildirsa, oylik maoshlariga 200 foiz ustama, zaruratga qarab uy-joy va qo'shimcha to'lovlar taqdim etiladi.