(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 y., 9-son, 128-modda; 1999 y., 5-son, 124-modda; 2001 y., 5-son, 89-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006 y., 41-son, 405-modda; 2007 y., 40-son, 411-modda; 2010 y., 20-son, 148-modda)
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi huquqiy munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Basharti xalqaro shartnomada fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan o‘zgacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, u holda xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanadi.
2-modda. Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari
Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
fuqarolarning sog‘liqni saqlashga doir huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishini ta’minlash;
fuqarolarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;
davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish.
3-modda. Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashning asosiy prinsiplari
Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya qilinishi;
aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘la olishi;
profilaktika chora-tadbirlarining ustunligi;
sog‘lig‘ini yo‘qotgan taqdirda fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishi;
tibbiyot fanining amaliyot bilan birligi.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlari himoya qilinishini;
fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi davlat siyosatini;
sog‘liqni saqlash va tibbiyot fanini rivojlantirish dasturlari tasdiqlanishi va mablag‘ bilan ta’minlanishini;
sog‘liqni saqlash davlat tizimini boshqarishni;
sanitariya-epidemiologiya xotirjamligini ta’minlash ustidan nazoratni;
favqulodda vaziyatlarda odamlarning hayotini saqlab qolish va ularning sog‘lig‘ini muhofaza etish chora-tadbirlari ko‘rilishini, fuqarolarni favqulodda vaziyat zonasidagi ahvol va ko‘rilayotgan chora-tadbirlardan xabardor qilishni;
fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasida statistika hisobi va hisobotning yagona tizimi o‘rnatilishini;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy sug‘urtasining tayanch dasturlarini tasdiqlashni;
fuqarolarning ayrim guruhlariga tibbiy yordam ko‘rsatishda va ularni dori-darmon bilan ta’minlashda imtiyozlar belgilashni;
davlat boshqaruv organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi, oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi faoliyatlarini muvofiqlashtirib borishni va nazorat qilib turishni;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
sog‘liqni saqlash va tibbiy sug‘urtaning normativ bazasini, tibbiy yordam sifati va hajmi davlat standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
barcha tibbiy muassasalarning fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasida maqsadli davlat dasturlarini amalga oshiradi;
davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini tashkil etadi;
tibbiyot va farmasevtika faoliyatini litsenziyalashni belgilangan tartibda amalga oshiradi;
davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida tibbiy xizmatlar tariflari darajasini tartibga soladi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari va preparatlarini standartlashtirish hamda sertifikatlashtirishni amalga oshiradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 14 yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risidagi nizom.
(5-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 2 oktabrdagi O‘RQ-118-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007 y., 40-son, 411-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z vakolatlari doirasida davolash-profilaktika, sanitariya, epidemiyaga qarshi, radiatsiya, ekologiya masalalari yuzasidan chiqaradigan normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi hududidagi davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari hamda jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
6-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining tasarrufiga quyidagilar kiradi:
sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlarini himoya qilish;
fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi qonun hujjatlari bajarilishini ta’minlash;
sog‘liqni saqlash tizimining boshqaruv organlarini shakllantirish, uning muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish;
birlamchi tibbiy-sanitariya va tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish, ulardan hammaning bahramand bo‘la olishini ta’minlash, tibbiy yordam sifatining klinik-statistik standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, tasarrufdagi hududda fuqarolarni dori-darmonlar va tibbiyot mahsulotlari bilan ta’minlash;
sog‘liqni saqlash xarajatlarini moliyaviy ta’minlashning o‘z manbalarini shakllantirish;
fuqarolarning sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligini ta’minlash, profilaktika sanitariya-gigiena, epidemiyaga qarshi va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish;
atrof muhitni muhofaza etish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash;
favqulodda vaziyatlarda odamlarning hayotini saqlab qolish va ularning sog‘lig‘ini muhofaza etish chora-tadbirlarini ko‘rish, fuqarolarni favqulodda vaziyat zonasidagi ahvol va ko‘rilayotgan chora-tadbirlardan xabardor qilish;
sog‘liqni saqlash tizimi organlari, muassasalari va korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish, sog‘liqni saqlash muassasalarida ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam sifatini nazorat qilib borish;
nogironlar va tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning kuch-quvvatini tiklaydigan muassasalar tashkil etish va ular faoliyatini ta’minlash;
oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
fuqarolarga sanitariya-gigiena va ekologiya ta’limi berishni tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarini rivojlantirishni rag‘batlantiruvchi sharoitlar yaratish;
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 apreldagi 772–I-son Qonuniga muvofiq o‘n to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999 y., 5-son, 124-modda)
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
7-modda. Sog‘liqni saqlash tizimi
O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlari yig‘indisidan iborat yagona sog‘liqni saqlash tizimi amal qiladi.
8-modda. Davlat sog‘liqni saqlash tizimi
Davlat sog‘liqni saqlash tizimiga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari, ularning shahar va tuman bo‘linmalari kiradi. Davlat sog‘liqni saqlash tizimiga davlat mulki bo‘lgan va davlat sog‘liqni saqlash tizimining boshqaruv organlariga bo‘ysunuvchi davolash-profilaktika va ilmiy-tadqiqot muassasalari, tibbiyot va farmasevtika xodimlari tayyorlaydigan hamda ularni qayta tayyorgarlikdan o‘tkazadigan o‘quv yurtlari, farmasevtika korxonalari va tashkilotlari, sanitariya-profilaktika muassasalari, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari, tibbiy dori-darmonlar va tibbiyot texnikasi ishlab chiqaradigan korxonalar hamda asosiy faoliyati fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash bilan bog‘liq boshqa korxona, muassasa va tashkilotlar kiradi.
Ilmiy-tadqiqot institutlarining klinikalari, vazirliklar, idoralar, davlat korxonalari, muassasa va tashkilotlari barpo etadigan davolash-profilaktika va dorixona muassasalari davlat sog‘liqni saqlash tizimiga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat sog‘liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalari aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam ko‘rsatadi. Bepul tibbiy yordam ko‘rasatish hajmi va tartibi qonun hujjatlar bilan belgilanadi.
Bepul tibbiy yordam ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 10 noyabrdagi PF-2107-sonli «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni bilan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 26 fevraldagi PF-3214-sonli Farmoni bilan Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari tomonidan davlat budjet mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslarning ro‘yxati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 18 martdagi 48-sonli qarori bilan Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati tasdiqlangan. Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va davlat budjeti mablag‘lari hisobiga davolash qiymatini to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 8 iyundagi 264-sonli qarori bilan tasdiqlangan (2-ilova).
Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Davolash-profilaktika muassasalarida budjet mablag‘lari hisobidan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyotga oid mahsulotlarni tarqatish, hisobga olish va ulardan foydalanishni nazorat qilish tartibi (ro‘yxat raqami 639, 18.02.1999 y.) va Dori-darmon vositalari va tibbiyotda foydalaniladigan buyumlarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarini tibbiyot muassasalariga (bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatayotganlarga) budjetdan qoplash tartibi (ro‘yxat raqami 641, 19.02.1999 y.).
Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmining belgilangandan ortiqcha tibbiy va boshqa xil xizmatlar ko‘rsatish qo‘shimcha xizmatlar bo‘lib, aholi tomonidan belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashhis qo‘yish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 8 iyundagi 264-sonli qarori bilan belgilangan (1-ilova).
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 2 fevraldagi 532-sonli «Davolash-profilaktika muassasalarini mablag‘ bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori.
(8-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 apreldagi 772–I-son Qonuniga muvofiq uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan almashtirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999 y., 5-son, 124-modda)
9-modda. Davlat sog‘liqni saqlash tizimini mablag‘ bilan ta’minlash
Davlat sog‘liqni saqlash tizimini mablag‘ bilan ta’minlash manbalari quyidagilardan iborat:
davlat budjeti mablag‘lari;
tibbiy sug‘urta mablag‘lari;
fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashga mo‘ljallangan maqsadli fondlarning mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
davolash-profilaktika muassasalarining davlat tomonidan kafolatlangan hajmidan ortiqcha tibbiy yordam ko‘rsatganlik uchun va pullik xizmatlar ko‘rsatganlik uchun olingan mablag‘lari;
(9-modda O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 apreldagi 772–I-son Qonuniga muvofiq beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999 y., 5-son, 124-modda)
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari hamda jismoniy shaxslarning sog‘liqni saqlash muassasalariga ixtiyoriy va xayriya badallari;
banklarning kreditlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10-modda. Sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari jumlasiga o‘z mablag‘lari, jalb etilgan mablag‘lar va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika, dorixona muassasalari, tibbiyot va farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar, shuningdek xususiy farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar kiradi;
(10-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 19 maydagi O‘RQ-246-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010 y., 20-son, 148-modda)
Sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlariga taalluqli davolash-profilaktika muassasalari fuqarolarning ayrim guruhlariga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatadilar. Bunday xizmatlarning hajmi, ro‘yxati, ularni ko‘rsatish tartibi hamda kompensatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash masalalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 8 iyundagi 264-sonli qarori bilan tasdiqlangan Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va davlat budjeti mablag‘lari hisobiga davolash qiymatini to‘lash tartibining V-bo‘limida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 10 noyabrdagi PF-2107-sonli «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmonining 5-bandiga muvofiq nodavlat davolash-profilaktika muassasalari, shu jumladan, aholiga pulli tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi xususiy davolash-profilaktika muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq imtiyozga ega bemorlarga 20 foizga qadar bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi va bu xizmatlar budjet hisobidan moliyalashtiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 22 iyuldagi 204-sonli «Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan ta’minlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori.
Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 10 noyabrdagi PF-2107-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «1998-2005 yillarda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish konsepsiyasi»ning 2 bo‘limi.
Sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarida faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘llanilishiga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qo‘yish hamda davolash vositalaridan foydalaniladi.
Sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarida faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘llanilishiga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qo‘yish hamda davolash vositalaridan foydalaniladi.
11-modda. Tibbiyot va farmasevtika faoliyatini litsenziyalash
Tibbiy faoliyat tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan, farmasevtika faoliyati esa tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
(11-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 19 maydagi O‘RQ-246-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010 y., 20-son, 148-modda)
Tibbiyot va farmasevtika faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalar berish tartibi hamda shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Aholining sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi
Aholining sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi qonun hujjatlariga muvofiq davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolar tomonidan sanitariya-gigiena yo‘sinidagi hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazilishi orqali ta’minlanadi.
II. FUQAROLARNING SOG‘LIG‘INI HUQUQIY JIHATDAN MUHOFAZA QILISh
13-modda. Fuqarolarning sog‘liqni saqlash huquqi
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari sog‘liqni saqlash borasida daxlsiz huquqqa egadirlar.
Davlat yoshi, jinsi, irqi, millati, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar fuqarolarning sog‘lig‘i saqlanishini ta’minlaydi.
Davlat fuqarolarda kasalliklarning har qanday shakllari borligidan qat’i nazar, ularning kamsitishlardan himoya qilinishini kafolatlaydi. Ushbu qoidani buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
14-modda. Ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning sog‘liqni saqlash huquqi
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi ajnabiy fuqarolarning sog‘liqni saqlash huquqi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, sog‘liqni saqlashda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bilan teng huquqdan foydalanadilar.
(14-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 2 oktabrdagi O‘RQ-118-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007 y., 40-son, 411-modda)
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydi.
15-modda. Fuqarolarning sog‘liqqa ta’sir etuvchi omillar haqida axborot olish huquqi
Fuqarolar sog‘liqqa ta’sir etuvchi omillar haqida, shu jumladan yashash hududining sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi to‘g‘risida, ovqatlanishning oqilona normalari xususida, tovarlar, ishlar, xizmatlar, ularning xavfsizligi, sanitariya normalari va qoidalariga muvofiqligi to‘g‘risida o‘z vaqtida va aniq axborot olish huquqiga ega.
16-modda. Fuqarolarning tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqi
Kasal bo‘lib qolganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda va boshqa hollarda fuqarolar profilaktik, tashxis qo‘yish-davolash, kuch-quvvatni tiklash, sanatoriy-kurort, protez-ortopediya yordami va boshqa xil yordamni, shuningdek bemorlarni, mehnatga layoqatsiz va nogiron kishilarni boqish-parvarishlash yuzasidan ijtimoiy chora-tadbirlarni, shu jumladan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lashni o‘z ichiga oladigan tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqiga ega.
Tibbiy-ijtimoiy yordam tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislar tomonidan ko‘rsatiladi.
Fuqarolar o‘zlarini ixtiyoriy ravishda tibbiy sug‘urta qildirish asosida, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablag‘lari, o‘z shaxsiy mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qo‘shimcha tibbiy va boshqa xil xizmatlardan foydalanish huquqiga ega.
Fuqarolarning ayrim toifalari protezlar, ortopedik va moslama buyumlar, eshitish apparatlari, harakatlanish vositalari va boshqa maxsus vositalar bilan imtiyozli tarzda ta’minlanish huquqiga ega. Bunday huquqqa ega bo‘lgan fuqarolarning toifalarini, shuningdek ularni ta’minlash shartlari va tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Qarang: «O‘zbekiston Respublikasining muhtoj fuqarolarini protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 1229, 27.03.2003 y.).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 maydagi «Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi Farmonining 1-bandi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 31 maydagi 188-sonli qarorining 2-bandi.
17-modda. Ayrim turdagi kasb-kor bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash
Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash, yuqumli va kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan ishlab chiqarishlar hamda ayrim kasblarning xodimlari ishga kirish vaqtida dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan hamda keyinchalik vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.
Qarang: «Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 29.08.2012 y.).
(17-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 apreldagi 772–I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999 y., 5-son, 124-modda)
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra fuqaro ayrim turdagi kasb-kor hamda yuqori darajali xavf manbai bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanishga vaqtincha yoki doimiy layoqatsiz deb topilishi mumkin. Bunday qaror tibbiyot nuqtai nazaridan shug‘ullanish nomaqbul deb topilgan faoliyatlar ro‘yxatiga muvofiq holda tibbiy komissiyalar chiqargan xulosa asosida qabul qilinadi va uning ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Tibbiyot nuqtai nazaridan shug‘ullanish nomaqbul deb topilgan ayrim turdagi kasb-kor va yuqori darajada xavfli manba bilan bog‘liq faoliyatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda belgilanadi hamda besh yilda kamida bir marta qayta ko‘rib chiqiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining qarori bilan tasdiqlangan Narkomaniya bilan kasallangan shaxslarning shug‘ullanishi uchun cheklovlar belgilangan kasbiy faoliyat turlarining ro‘yxati (ro‘yxat raqami 1233, 15.04.2003 y.).
(17-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 12 maydagi 220–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001 y., 5 -son, 89-modda)
Ish beruvchilar o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
18-modda. Oila sog‘lig‘ini saqlash
Har bir fuqaro davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida oilaga taalluqli masalalar, o‘zida ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar va atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar bor-yo‘qligi yuzasidan, nikoh va oila munosabatlarining tibbiy-ruhiy jihatlari yuzasidan bepul maslahatlar olish, shuningdek tibbiy-irsiy hamda boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar olish va tekshiruvdan o‘tish huquqiga ega.
Har bir oila o‘ziga oilaviy shifokor tanlash huquqiga ega.
Bolali oilalar fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasida qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega.
Uch yoshga to‘lmagan bolalar, shuningdek shifokorlarning xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha qarovga muhtoj bo‘lgan katta yoshdagi kasali og‘ir bolalar statsionar shifoxonada davolanayotganida ularning otasi yoki onasiga yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga davolash muassasasida uning yonida birga bo‘lishi uchun imkoniyat yaratiladi va mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
19-modda. Voyaga yetmaganlarning huquqlari
Davlat voyaga yetmaganlarning sog‘liqni saqlash huquqlarini ularning jismoniy, ma’naviy rivojlanishi uchun, kasalliklarning oldini olish uchun eng qulay sharoit yaratish, shuningdek maktabgacha tarbiya muassasalari, maktablar va boshqa muassasalarda tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish orqali ta’minlaydi.
Voyaga yetmaganlar quyidagi huquqlarga ega:
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda dispanser nazoratida bo‘lish hamda bolalar va o‘smirlarning davolash-profilaktika muassasalarida davolanish;
sanitariya-gigiena ta’limi olish, o‘qish hamda o‘zlarining fiziologik xususiyatlari va sog‘lig‘iga mos sharoitlarda mehnat qilish;
kasbga yaroqliligini aniqlash chog‘ida budjet mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy maslahatlar olish;
sog‘liqlari to‘g‘risida o‘zlari uchun qulay tarzda zarur axborot olish.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘n to‘rt yoshdan oshgan voyaga yetmaganlar ma’lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.
(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 apreldagi 772–I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999 y., 5-son, 124-modda)
Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor voyaga yetmaganlar ota-onalarining yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasiga ko‘ra budjet mablag‘lari, xayriya jamg‘armalari va boshqa fondlarning mablag‘lari, shuningdek ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning mablag‘lari hisobidan ijtimoiy himoya tizimi muassasalarida yashashlari mumkin.
Ota-onalar yoki boshqa shaxslarning o‘z tarbiyasidagi voyaga yetmaganlarning huquqlari va manfaatlarini buzishlari, ularni tarbiyalashdan bo‘yin tovlashlari, voyaga yetmaganlar bilan ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazadigan darajada shafqatsiz munosabatda bo‘lishlari qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
20-modda. Harbiy xizmatchilar, harbiy va muqobil xizmatga chaqiriladigan hamda harbiy xizmatga kontrakt bo‘yicha kiradigan fuqarolarning huquqlari
Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatga yaroqli yoki yaroqsiz ekanliklarini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tish hamda harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi asosida harbiy xizmatdan muddatidan ilgari bo‘shatilish huquqiga ega.
Harbiy va muqobil xizmatga chaqiriladigan yoki harbiy xizmatga kontrakt bo‘yicha kiradigan fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tadi hamda sog‘lig‘iga ko‘ra harbiy xizmatga chaqiruvni kechiktirish yoki chaqiruvdan ozod etilish huquqini beradigan tibbiy ma’lumotlar to‘g‘risida to‘liq axborot olish huquqiga ega.
21-modda. Pensiya yoshidagi fuqarolarning huquqlari
Oldingi tahrirga qarang.
Pensiya bilan ta’minlanish huquqini beradigan yoshga yetgan fuqarolarga davlat sog‘liqni saqlash va mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimi muassasalarida tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.
(21-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 12 maydagi 220–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001 y., 5 -son, 89-modda)
Tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish o‘z ichiga statsionar-ambulatoriya yo‘li bilan davolashni, sanatoriy va dam olish uylarida sog‘lomlashtirishni, yolg‘iz keksalarga ularning o‘z uyida hamda internat-uylarda xizmat ko‘rsatishni qamrab oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Pensiya yoshidagi fuqarolar tibbiy xulosa asosida qonun hujjatlariga muvofiq ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlarining mablag‘lari hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan kuch-quvvatni tiklash huquqiga ega.
(21-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 12 maydagi 220–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001 y., 5 -son, 89-modda)
22-modda. Nogironlarning huquqlari
Nogironlar, shu jumladan nogiron bolalar va bolalikdan nogironlar tibbiy-ijtimoiy yordam olish, kuch-quvvatni tiklashning barcha turlaridan foydalanish, dori-darmonlar, protez-ortopediya moslamalari, harakatlanish vositalari bilan imtiyozli asoslarda ta’minlanish, shuningdek kasb-kor egallash va qayta tayyorgarlikdan o‘tish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Nogironlar davlat sog‘liqni saqlash tizimi va mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalarida bepul tibbiy-ijtimoiy yordam olish, o‘z uylarida parvarish qilinish, o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz nogironlar va surunkali ruhiy xastaliklarga chalingan nogironlar esa ijtimoiy ta’minot muassasalarida yashash huquqiga ega.
(22-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 12 maydagi 220–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001 y., 5 -son, 89-modda)
Nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tartibi va ularga beriladigan imtiyozlar ro‘yxati qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi.
23-modda. Favqulodda vaziyatlar tufayli jabr ko‘rgan fuqarolarning huquqlari
Favqulodda vaziyat tufayli jabr ko‘rgan fuqarolar bepul tibbiy yordam olish va sog‘liqni tiklash tarzida davolanish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish hamda hayoti va sog‘liqlariga tahdid solayotgan xavfni kamaytirishga qaratilgan gigiena chora-tadbirlari va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazish huquqiga ega.
Favqulodda vaziyat sharoitida odamlarni qutqarish va tibbiy yordam ko‘rsatish chog‘ida jabr ko‘rgan fuqarolarga bepul davolanish, shu jumladan sanatoriy va kurortlarda davolanish, kuch-quvvatni tiklashning barcha turlaridan foydalanish, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moddiy kompensatsiya olish kafolatlanadi.
24-modda. Bemorning huquqlari
Bemor tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan va tibbiy yordam olayotgan paytda quyidagi huquqlarga ega:
tibbiyot xodimlari va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning hurmat va mehr-muruvvat ko‘rsatishlari;
shifokorni va davolash-profilaktika muassasasini tanlash;
sanitariya-gigiena talablariga javob beradigan sharoitda tekshiruvdan o‘tish, davolanish va parvarish qilinish;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilab qo‘ygan tartibda o‘z iltimosiga ko‘ra boshqa mutaxassislarning konsilium qilishi va ulardan maslahatlar olish;
tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi, sog‘lig‘ining holati, qo‘yilgan tashxis to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog‘ida olingan boshqa ma’lumotlar sir saqlanishi;
tibbiy aralashuvga o‘z ixtiyori bilan rozilik berish yoki uni rad etish;
o‘z huquq va burchlari xususida hamda sog‘lig‘ining holati haqida ma’lumot olish, shuningdek sog‘lig‘ining holatiga doir ma’lumotlarni uning manfaatini ko‘zlagan holda bersa bo‘ladigan shaxslarni tanlash;
ixtiyoriy tibbiy sug‘urta doirasida tibbiy va boshqa xil xizmatlardan foydalanish;
tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi;
huquqini himoya qilishi uchun huzuriga advokat yoki boshqa qonuniy vakil qo‘yilishi.
Huquqlari buzilgan taqdirda bemor yoki uning qonuniy vakili bevosita davolash-profilaktika muassasasining rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsiga, yuqori boshqaruv organiga yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.
25-modda. Fuqarolarning o‘z sog‘lig‘ining holati to‘g‘risida ma’lumot olish huquqi
Har bir fuqaro o‘z sog‘lig‘ining holati to‘g‘risida ma’lumot, shu jumladan tekshirish natijalari, qanday kasali borligi, qanday tashxis qo‘yilganligi, kasallikning bundan buyon qanday kechishiga oid taxminlar, davolash usullari va bu usullar bilan bog‘liq xavf-xatar, tibbiy aralashuvning ehtimol tutilgan turlari va ularning oqibatlari, amalga oshirilgan davolashning natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqaroning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotni uning o‘ziga, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxslar hamda qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarni esa ularning qonuniy vakillariga davolash-profilaktika muassasasining davolovchi shifokori, bo‘lim mudiri yoki tekshirish va davolashda bevosita qatnashayotgan boshqa mutaxassislar beradi.
Kasallikning kechishi nomaqbul deb taxmin qilingan hollarda bu haqda fuqaroga va, basharti uning o‘zi oila a’zolariga xabar qilishni taqiqlamagan va (yoki) bunday ma’lumot berilishi uchun biror shaxsni tayinlamagan bo‘lsa, bemorning oila a’zolariga tibbiy-odob me’yorlariga rioya qilgan holda xabar qilinishi kerak.
Fuqaroning talabiga muvofiq unga sog‘lig‘ining holatini aks ettiruvchi tibbiy hujjatlardan ko‘chirmalar beriladi.
Fuqaroning tibbiy hujjatlarida aks etgan ma’lumotlar shifokorlik siri bo‘lib, u faqat ushbu Qonun 45-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslardagina fuqaroning roziligisiz taqdim etilishi mumkin.
26-modda. Tibbiy aralashuvga rozilik berish
Fuqaroning o‘z kasaliga doir ma’lumotlarni bilgan holda o‘z ixtiyori bilan rozilik berishi tibbiy aralashuvning dastlabki zarur shartidir.
Fuqaroning ahvoli o‘z xohish-irodasini izhor etishga imkon bermaydigan, tibbiy aralashuvni esa kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda fuqaroning manfaatini ko‘zlab tibbiy aralashuvni amalga oshirish masalasini konsilium hal qiladi, basharti konsiliumga yig‘ilishning iloji bo‘lmagan taqdirda esa, keyinchalik davolash-profilaktika muassasasining mansabdor shaxslarini xabardor qilish sharti bilan bevosita davolovchi (navbatchi) shifokor hal etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxslarga va qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarga nisbatan tibbiy aralashuvga ularning qonuniy vakillari rozilik beradi. Ota-ona yoki boshqa qonuniy vakillar yo‘qligida tibbiy aralashuv to‘g‘risidagi qarorni konsilium qabul qiladi, basharti konsiliumga yig‘ilishning iloji bo‘lmagan taqdirda esa, keyinchalik davolash-profilaktika muassasasining mansabdor shaxslari va bemorning qonuniy vakillarini xabardor qilish sharti bilan bevosita davolovchi (navbatchi) shifokor qabul qiladi.
(26-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 apreldagi 772–I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999 y., 5-son, 124-modda)
27-modda. Tibbiy aralashuvni rad etish
Fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega, ushbu Qonunning 28-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda shifokor yozma tasdiqnoma olishga, agar tasdiqnoma olishning iloji bo‘lmasa — tibbiy aralashuvni rad etishni guvohlar ishtirokida tegishli dalolatnoma bilan guvohlantirib olishga haqlidir.
Basharti tibbiy aralashuvni bemorning qonuniy vakili rad etsa va bu hol bemor uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lsa, shifokor bu haqda vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilishi shart.
28-modda. Fuqarolarning roziligisiz tibbiy yordam ko‘rsatish
Atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga fuqarolar yoki ular qonuniy vakillarining roziligisiz tibbiy yordam ko‘rsatilishiga (tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kasalxonaga yotqizish, kuzatish va yakkalab qo‘yishga) qonun hujjatlarida belgilangan asoslarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi.
III. FUQAROLARGA TIBBIY-IJTIMOIY YoRDAM KO‘RSATISh
29-modda. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat sog‘liqni saqlash tizimi, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, jamoat birlashmalarining muassasalari ko‘rsatadigan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tibbiy xizmat ko‘rsatishning asosiy, qulay va bepul turi bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
eng ko‘p tarqalgan kasalliklar, shikastlanish, zaharlanish va shoshilinch yordam talab etiladigan boshqa holatlarni davolashni;
sanitariya-gigienaga doir va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar, eng muhim kasalliklarning tibbiy profilaktikasini o‘tkazishni;
oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tadbirlarini, turar joylarda fuqarolarga tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa chora-tadbirlar ko‘rishni.
(29-moddaning birinchi qismi birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 12 maydagi 220–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001 y., 5 -son, 89-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy va boshqa xil sog‘liqni saqlash tizimlarining muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami shartnoma asosida amalga oshiriladi ushbu Qonun 10-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq shunday yordam ko‘rsatiladigan fuqarolarning ayrim guruhlari bundan mustasno.
(29-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 apreldagi 772–I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999 y., 5-son, 124-modda)
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning hajmi va tartibini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydi.
30-modda. Shoshilinch va tez tibbiy yordam
Fuqarolar sog‘liqni saqlash tizimining har qanday davolash-profilaktika muassasasida shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega.
Tibbiyot va farmasevtika xodimlari fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishlari shart. Ular shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishdan bo‘yin tovlaganlik, shuningdek fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Fuqaroning hayoti xavf ostida bo‘lgan taqdirda tibbiyot xodimlari uni davolash-profilaktika muassasasiga olib borish uchun har qanday transport turidan foydalanish huquqiga ega.
Militsiya, yong‘indan saqlash, avariya xizmatlari, transport tashkilotlari xodimlari, shuningdek boshqa kasb-kor vakillari tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar voqea sodir bo‘lgan joyda qonun hujjatlariga binoan zimmalariga yuklatilgan birlamchi shoshilinch yordamni ko‘rsatishlari shart.
31-modda. Ixtisoslashgan tibbiy yordam
Ixtisoslashgan tibbiy yordam profilaktika, tashxis qo‘yish, davolashning va murakkab tibbiy texnologiyalardan foydalanishning maxsus usullarini taqozo etuvchi kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko‘rsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ixtisoslashgan tibbiy yordam davolash-profilaktika muassasalarida mutaxassis shifokorlar tomonidan ko‘rsatiladi.
(31-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 10 oktabrdagi O‘RQ-59-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2006 y., 41-son, 405-modda)
Sog‘liqni saqlash muassasalarida ko‘rsatiladigan ixtisoslashgan tibbiy yordamning turlari, hajmi va sifat standartlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
32-modda. Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish
Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga davlat sog‘liqni saqlash tizimining tegishli davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi va doimiy tibbiy kuzatuv ta’minlanadi.
Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklar ro‘yxati va bunday kasalliklarga chalingan shaxslar uchun imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 20 martdagi 153-sonli «Ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlash va bunday kasalliklarga duchor bo‘lgan shaxslarga imtiyozlar belgilash to‘g‘risida»gi qarori.
Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam turlari va hajmini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda belgilaydi.
33-modda. Atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish
Atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish davlat sog‘liqni saqlash tizimining ana shunday maqsadga mo‘ljallangan muassasalarida bepul amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 20 fevraldagi 96-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklar ro‘yxati».
Atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamning turlari va hajmi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda belgilanadi.
34-modda. Profilaktika, tashxis qo‘yish, davolashning yangi usullarini, dori-darmonlar, immunobiologiya preparatlari va dezinfeksiya vositalarini qo‘llanish hamda biologik-tibbiy tadqiqotlar o‘tkazish tartibi
Sog‘liqni saqlash amaliyotida faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘llanishga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qo‘yish, davolash usullaridan, tibbiyot texnologiyalari, dori-darmonlar, immunobiologiya preparatlari va dezinfeksiya vositalaridan foydalaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qo‘llanishga ruxsat etilmagan, lekin belgilangan tartibda ko‘rib chiqilayotgan tashxis qo‘yish, davolash usullari va dori-darmonlardan bemorni davolash manfaatini ko‘zlab faqat uning ixtiyoriy ravishdagi yozma roziligi olinganidan keyin, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxslarni davolashda esa faqat ularning hayoti bevosita xavf ostida qolgan taqdirda va qonuniy vakillarining yozma roziligi bilangina foydalanish mumkin.
(34-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 apreldagi 772–I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999 y., 5-son, 124-modda)
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tashxis qo‘yish, davolash usullari va dori-darmonlarni, immunobiologiya preparatlari va dezinfeksiya vositalarini, shu jumladan chet elda foydalaniladiganlarini qo‘llanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Insonni ob’ekt sifatida jalb etib, biologik-tibbiy tadqiqot o‘tkazishga faqat laboratoriya tajribalari o‘tkazilganidan va fuqaroning yozma roziligi olinganidan keyingina davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida yo‘l qo‘yiladi. Fuqaroni biologik-tibbiy tadqiqotlarda qatnashishga majburlash mumkin emas.
Biologik-tibbiy tadqiqot o‘tkazishga fuqarodan rozilik olinayotganda unga tadqiqotning maqsadi, usullari, qo‘shimcha oqibatlari, ehtimol tutilgan xavfi, tadqiqotning qancha davom etishi va kutilayotgan natijalariga oid ma’lumotlar berilishi lozim. Fuqaro tadqiqotning istalgan bosqichida unda qatnashishdan bosh tortish huquqiga ega.
Belgilangan tartibda tekshiruv sinovlaridan o‘tmagan profilaktika, tashxis qo‘yish, davolash usullari va dori-darmonlarni targ‘ib qilish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida targ‘ib qilish taqiqlanadi. Ushbu normani buzish qonunda belgilanganidek javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
35-modda. Fuqarolarni dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash
Shifokorning doriqog‘ozi bo‘yicha va doriqog‘ozsiz beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: Shifokor retseptisiz sotiladigan dori vositalarining ro‘yxati (ro‘yxat raqami 2671, 11.05.2015 y.).
Dori-darmonlar va yakka tartibda foydalaniladigan tibbiyot buyumlari bilan imtiyozli asoslarda ta’minlanadigan fuqarolarning toifalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo‘yiladi. Davlat sog‘liqni saqlash tizimining davolovchi shifokorlari fuqarolarning dori-darmonlar bilan imtiyozli asoslarda ta’minlanishi uchun doriqog‘oz yozib berish huquqiga ega.
IV. TIBBIY EKSPERTIZA
36-modda. Mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertizalash
Fuqarolarning kasallik, shikastlanganlik, homiladorlik, tuqqanlik, oilaning betob a’zosini parvarishlaganlik, protez qo‘ydirganlik, sanatoriy-kurortda davolanganlik munosabati bilan va boshqa hollardagi mehnatga vaqtincha layoqatsizligini ekspertizalash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
Qarang: «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash davolash-profilaktika muassasalarida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik ekspertizasi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 872, 19.01.2000 y.).
Mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertizalash davlat sog‘liqni saqlash tizimining davolovchi shifokorlari tomonidan o‘tkaziladi va ular fuqarolarga mehnatga layoqatsizlik varaqasini beradi. Xususiy va boshqa xil sog‘liqni saqlash tizimlarida davolangan fuqarolarga mehnatga layoqatsizlik varaqalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilab qo‘yadigan tartibda beriladi.
Qarang: «Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 2667, 17.04.2015 y.).
Mehnatga vaqtincha layoqatsizlik ekspertizalanganida xodimni sog‘lig‘ining holatiga qarab vaqtincha yoki doimiy ravishda boshqa ishga o‘tkazish zarurati va muddati aniqlanadi, shuningdek fuqaroni belgilangan tartibda, shu jumladan unda nogironlik belgilari mavjud bo‘lgan taqdirda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga yo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
37-modda. Tibbiy-mehnat ekspertizasi
Tibbiy-mehnat ekspertizasi fuqarolar nogironligining sababi va guruhini, ularning mehnat layoqatini yo‘qotganlik darajasini, ular sog‘lig‘ini tiklashning turlari, hajmi va muddatini hamda ijtimoiy himoyalash chora-tadbirlarini belgilaydi, tegishli xulosalar beradi. Ushbu xulosalar korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining ma’muriyati uchun majburiydir.
Tibbiy-mehnat ekspertizasini tashkil qilish va o‘tkazish tartibi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 8 avgustdagi 175-sonli «Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati boshqarish tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 2 sentabrdagi 193-son «Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati faoliyatini tashkil etishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 1 iyuldagi 195-son «Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga, nogironlikni va kasbiy mehnatga layoqat yo‘qotilishi darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori.
Tibbiy-mehnat ekspertizasini o‘tkazgan muassasaning xulosasi ustidan fuqaroning o‘zi yoki uning qonuniy vakili sudga shikoyat qilishi mumkin.
38-modda. Harbiy-tibbiy ekspertiza
Harbiy-tibbiy ekspertiza harbiy yoki muqobil xizmatga chaqiriladigan, harbiy xizmatga kontrakt bo‘yicha kiradigan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining, ichki ishlar va Milliy xavfsizlik xizmati organlarining zaxirasida (rezervida) turgan fuqarolarning hamda harbiy xizmatchilarning salomatligi jihatidan harbiy xizmatga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligini, kasallik, yaradorlik, shikastlanganlik harbiy xizmat (harbiy yig‘inlarni o‘tash) bilan bog‘liqligini aniqlaydi, harbiy xizmatchilarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va ularning sog‘lig‘ini tiklashning turlari, hajmi va muddatini belgilaydi.
Harbiy-tibbiy ekspertizani tashkil etish va o‘tkazish tartibini, shuningdek harbiy yoki muqobil xizmatga chaqiriladigan, harbiy xizmatga kontrakt bo‘yicha kiradigan fuqarolar va harbiy xizmatchilar sog‘lig‘ining holatiga nisbatan qo‘yiladigan talablarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 21 fevraldagi 95-sonli «Tinchlik va urush davrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori.
Harbiy-tibbiy ekspertizaning xulosalari mansabdor shaxslar ijro etishi uchun majburiydir. Harbiy-tibbiy ekspertizani o‘tkazgan muassasaning xulosasi ustidan fuqaroning o‘zi yoki uning qonuniy vakili sudga shikoyat qilishi mumkin.
39-modda. Sud-tibbiyot va sud-psixiatriya ekspertizalari
Sud-tibbiyot ekspertizasi davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiy muassasalarida ekspert tomonidan, uning yo‘qligida esa — ekspertiza o‘tkazishga jalb etilgan shifokor tomonidan surishtiruv o‘tkazayotgan shaxs, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi asosida o‘tkaziladi.
Sud-psixiatriya ekspertizasi davlat sog‘liqni saqlash tizimining shu maqsadga mo‘ljallangan muassasalarida o‘tkaziladi.
Sud-tibbiyot va sud-psixiatriya ekspertizalarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi.
Sud-tibbiyot va sud-psixiatriya ekspertizalarini o‘tkazgan muassasalarning xulosalari ustidan fuqaroning o‘zi yoki uning qonuniy vakili sudga shikoyat qilishi mumkin.
40-modda. Patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish va odamning o‘lgan vaqtini aniqlash
Patologik-anatomik tadqiqotlar sog‘liqni saqlash muassasalarida odam hayotligida hamda o‘lganidan so‘ng tashxis qo‘yish (biopsiya va autopsiya), shuningdek, klinik sharoitda tashxis qo‘yish va kasallikni davolash ishlarining to‘g‘ri olib borilganligini nazorat qilish, o‘lim sabablari haqida aniq ma’lumotlar olish maqsadida o‘tkaziladi.
Patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish va odamning o‘lgan vaqtini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
V. TIBBIYoT VA FARMASEVTIKA XODIMLARI
41-modda. Tibbiyot va farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot va farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga oliy yoki o‘rta maxsus tibbiyot o‘quv yurtini tamomlaganlik to‘g‘risida diplom olgan shaxslar ega bo‘ladilar.
(41-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 10 oktabrdagi O‘RQ-59-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2006 y., 41-son, 405-modda)
Tibbiyot va farmasevtika ma’lumoti to‘g‘risidagi diplomni xorijiy davlatlarda olgan shaxslarning tibbiyot yoki farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanishiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 25 iyuldagi 283-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risidagi nizom.
O‘z kasbi bo‘yicha uch yildan ko‘p ishlamagan tibbiyot va farmasevtika xodimlarining tegishli faoliyat bilan shug‘ullanishiga tegishli o‘quv yurtlarida qayta tayyorgarlikdan o‘tganlaridan keyin yoki O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining attestatsiya komissiyalari o‘tkazadigan attestatsiya asosida yo‘l qo‘yiladi.
Tibbiyot yoki farmasevtika sohasida tugallanmagan oliy ma’lumoti bo‘lgan shaxslarning tibbiyot sohasida o‘rta ma’lumoti bo‘lgan xodimlar ishlaydigan lavozimlarda tibbiyot yoki farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanishiga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Oliy va o‘rta maxsus tibbiyot o‘quv yurtlari talabalarining fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatishda ta’lim dasturlariga muvofiq qatnashishiga tibbiyot xodimlari nazorati ostida, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
G‘ayriqonuniy ravishda tibbiyot va farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(42-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 10 oktabrdagi O‘RQ-59-sonli Qonuniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2006 y., 41-son, 405-modda)
43-modda. Professional tibbiyot va farmasevtika uyushmalari
Tibbiyot va farmasevtika xodimlari o‘z huquqlarini himoya qilish, tibbiyot va farmasevtika amaliyotini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarga ko‘maklashish, tibbiyot va farmasevtika xodimlarining kasb faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etish maqsadida ixtiyoriy asosda tarkib topadigan professional uyushmalar hamda boshqa jamoat birlashmalari tuzish huquqiga ega.
Professional tibbiyot, farmasevtika uyushmalari va boshqa jamoat birlashmalari o‘z faoliyatlarini ustavlar asosida va qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradilar.
VI. YaKUNLOVChI QOIDALAR
44-modda. O‘zbekiston Respublikasi shifokorining qasamyodi
Shifokor diplomini olayotgan shaxslar quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
«Shifokor degan yuksak unvonni olib, tibbiyot faoliyatiga kirishar ekanman:
o‘zimning bor bilim va mahoratimni bemorni davolashga hamda inson sog‘lig‘ini saqlashga bag‘ishlashga;
yoshi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir bemorga kuch-g‘ayratim va vaqtimni ayamay tibbiy yordam ko‘rsatishga;
bemorning sog‘lig‘ini shaxsiy manfaatlarimdan yuqori qo‘yishga, kamtar va halol bo‘lishga, o‘z bilim va mahoratimni doimo oshirib borishga;
shifokor sirini saqlashga;
kishilarga hamisha mehr-muruvvat va shifo topishlariga ishonch hadya etishga;
Buqrot, Abu Ali ibn Sino singari ulug‘ tabiblarning shonli an’analarini davom ettirishga tantanali qasamyod qilaman.
Ushbu qasamyodga umrimning oxirigacha sodiq qolishga qasamyod qilaman».
Shifokorlar qasamyodni buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
45-modda. Shifokor siri
Fuqaroning tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi, uning sog‘lig‘ining holati, kasalligiga qo‘yilgan tashxis xususidagi hamda uni tekshirish va davolash davomida olingan boshqa ma’lumotlar shifokor sirini tashkil etadi.
Shifokor siri hisoblangan ma’lumotlardan o‘qish hamda kasb-korga, xizmatga doir va boshqa xil vazifalarni bajarish paytida xabardor bo‘lib qolgan shaxslarning bu ma’lumotlarni fuqaro yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan hollar bundan mustasno.
Shifokor siri hisoblangan ma’lumotlarni fuqaro yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz berishga quyidagi sabablarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi:
ahvoli og‘irligi sababli o‘z xohish-irodasini bildira olmaydigan fuqaroni tekshirish va davolash maqsadida;
yuqumli kasalliklar tarqalishi, yalpi zaharlanish va zararlanish xavfi tahdid solganida;
tergov yoki sud tekshiruvi o‘tkazilishi munosabati bilan surishtiruv va tergov organlarining, prokuratura va sudning so‘rovi bo‘yicha;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmagan shaxsga yordam ko‘rsatilayotganda uning ota-onasi yoki qonuniy vakillarini xabardor qilish uchun;
(45-moddaning uchinchi qismi beshinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 apreldagi 772–I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999 y., 5-son, 124-modda)
fuqaroning sog‘lig‘iga g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar yoki baxtsiz tasodif natijasida zarar yetkazilgan deb gumon qilishga asoslar mavjud bo‘lganida.
Shifokor siri hisoblangan ma’lumotlar qonunda belgilangan tartibda berilgan shaxslar shifokor sirini oshkor qilganlik uchun qonun hujjatlariga muvofiq tibbiyot va farmasevtika xodimlari bilan bab-baravar javobgar bo‘ladilar.
46-modda. Fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash
Fuqarolarning sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan hollarda aybdorlar jabrlanganlar ko‘rgan zarar o‘rnini qonun hujjatlarida belgilangan hajm va tartibda qoplashlari shart.
G‘ayriqonuniy xatti-harakatlardan jabr ko‘rgan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatishga sarflangan mablag‘lar ularning sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslardan undiriladi.
Tibbiyot va farmasevtika xodimlari o‘z kasb-kor vazifalarini malakali bajarmaganliklari oqibatida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1005—1016-moddalari.
Zararning o‘rnini qoplash tibbiyot va farmasevtika xodimlarini qonunga muvofiq intizomiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikdan ozod etmaydi.
47-modda. Sog‘liqni saqlash sohasida fuqarolar huquq va erkinliklarini kamsituvchi davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan fuqarolarning shikoyat qilish huquqi
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning ushbu Qonunda belgilangan fuqarolar huquq va erkinliklarini kamsituvchi xatti-harakatlari ustidan yuqori davlat organlariga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996 yil 29 avgust,
265-I-son
N 265-I
O'zbekcha
Русский
English